Toshkentda “Oʻzbekiston Respublikasida atrof-muhit holati toʻgʻrisida”gi Milliy maʼruza metodologiyasini ishlab chiqish boʻyicha kirish seminar-treningi boʻlib oʻtdi. Seminar Oʻzbekiston Tabiat resurslari vazirligi tomonidan BMTning Yevropa Iqtisodiy Komissiyasi (YEIK), BMTning Atrof-muhit boʻyicha dasturi (YUNEP) va BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) koʻmagida tashkil etildi.
Seminar ochilishida taʼkidlanganidek, atrof-muhit holati toʻgʻrisidagi Milliy hisobot atrof-muhit holati va uning oʻzgarish tendensiyalarini baholash imkonini beruvchi ekologik koʻrsatkichlarga asoslangan asosiy axborot mahsulotidir.
Hisobotdan ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy siyosat va qonunchilik bazasini hamda tabiatdan foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilishni davlat tomonidan tartibga solish mexanizmlari, tabiatni muhofaza qilish qonunchiligiga rioya etilishi ustidan nazoratni yanada takomillashtirish, maqsadli ekologik dasturlarni, ekologik xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan ilmiy-texnik ishlanmalarni ishlab chiqish va joriy qilish, barqaror rivojlanishning asosi sifatida atrof-muhitni muhofaza qilish hamda tabiatdan oqilona foydalanish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini baholash maqsadida ekologik jihatdan muhim qarorlarni qabul qilishda axborot asosi sifatida foydalanish imkonini beradi.
Bugungi kunga kelib, atrof-muhit holati boʻyicha milliy hisobotlarni tayyorlashning umumeʼtirof etilgan metodologiyasi — Driver-Pressure-State-Impact-Response (DPSIR) – Drayverlar (Harakatlantiruvchi kuch) -Bosim-Holat-Taʼsir-Javob choralar sxemasi hisoblanadi.
Ushbu sxema jamiyat va atrof-muhit oʻrtasidagi oʻzaro taʼsirni tavsiflash uchun sabab sxemasi sifatida ishlatiladi. Bu atrof-muhitga toʻgʻridan-toʻgʻri insoniy va tabiiy bosimlar, shuningdek inson rivojlanishi bilan bogʻliq boʻlgan ushbu taʼsirlarning yuqori oqimlarini tushunishga koʻmak beradi.
Seminar-treningda olingan bilimlar ishtirokchilarga yangi metodologiya asosida Milliy hisobotni tayyorlashda DPSIR sxemasini qoʻllash va kelgusida bunday tahliliy materiallarni muntazam ravishda tayyorlashda yordam beradi.
Tadbirda Tabiat resurslari vaziri oʻrinbosari J.Kazbekov ishtirok etdi.