Joriy yilning 19-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov va Koreya Respublikasining Atrof-muhit vaziri Xan Xva Jin o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish va kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Xususan, O‘zbekiston Koreya Respublikasini muhim strategik hamkor sifatida bilishi ta’kidlandi.
Shuningdek, bioxilma-xillikni saqlash, chiqindilarni qayta ishlash va Orol dengizining qurigan tubini tiklash masalalari ko‘rib chiqildi. Bundan tashqari, 2010-yilda Hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolanganidan buyon ikki davlat o‘rtasida samarali hamkorlik rivojlanib borayotgani qayd etildi.
Uchrashuv davomida, shuningdek, mazkur yilning may oyida Koreya Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi hukumatlari o‘rtasida ekologiya bo‘yicha doiraviy bitim imzolangani ta’kidlandi.
Qolaversa, O‘zbekistonda Global yashil o‘sish instituti (GGGI) vakolatxonasi tashkil etilganligi, O‘zbekiston delegatsiyasining Pusandagi "Global Green Hub" tadbirlarida ishtiroki alohida qayd etildi.
Uchrashuv davomida “Sejin G&E Со., Ltd.” kompaniyasi ishtirokida Ohangaronda maishiy chiqindilar poligonida hosil bo‘ladigan chiqindi gazidan elektr energiya ishlab chiqarish va Koreya atrof-muhit sanoati va texnologiyalari instituti (KEITI) bilan birgalikda chiqindilarni qayta ishlash bo'yicha loyihalar O’zbekistonda amalga oshirilayotganligi to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Shu bilan birga, mahalliy va mintaqaviy ekologik muammolarni hal etish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, innovatsion g‘oyalar, amaliyot va texnologiyalarni joriy etish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash hamda O‘zbekiston va butun mintaqaning ilmiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish maqsadida tashkil etilgan “Green University” - Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini o‘rganish universitetining tashkil etilishi haqida ta’kidlandi.
Uchrashuvda o‘zaro manfaatli aloqalarni har tomonlama mustahkamlash bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqilib, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi. Ta'kidlash joizki, O‘zbekistonning ekologiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlari mehmonlarda katta qizigish uyg‘otdi.
Uzhrashuv mobaynida O‘zbekiston va Koreyaning ekologiya sohasida ish yurutuvchi ilmiy-tadqiqot institutlari o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish, yashil texnologiyalarni joriy etish, bioxilmaxillik, Orol hududini o‘rganish va uning qurigan tubida daraxt ekish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Xan Xva Jin iqlim o‘zgarishi yo‘nalishida Magistraturada o‘gishga va ekologiya sohasida qisqa muddatli kurslarida Koreyada ta’lim olishga imkoniyat borligini ta’kidlab o‘tdilar.
Uchrashuv yakunida Jusipbek Kazbekov Xan Xva Jin xonimni O‘zbekiston Respublikasi tarixiy Samarqand shahrida bo‘lib o’tadigan uchta xalqaro anjumanga: BMTning Cho‘llanish bo‘yicha maxsus sessiyasi (CRIK21), Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlari bo‘yicha Tomonlar konferensiyasi (COP14) va Iqlim o ‘zgarishi Forumiga taklif etdi.