O‘zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilish va uning holati to‘g‘risida ishonchli axborot bilan ta’minlash bo‘yicha milliy darajada chora-tadbirlar kuchaytirilmoqda, bu O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 49-moddasida mustahkamlab qo‘yilgan. Shu nuqtai nazardan “Atrof-muhit bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilish jarayonida jamoatchilikning axborot olish imkoniyati, ishtiroki va odil sudlovga erishish imkoniyati to‘g‘risidagi Konvensiyaga (Orxus, 1998-yil 25-iyun) qo’shilish tog’risida”gi Qonun qabul qilindi. 1045-sonli hujjat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2025-yil 11-martda imzolandi.

Ma’lumot uchun, mazkur Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan joriy yil 11-dekabrda qabul qilingan va Senat tomonidan 22-fevralda ma’qullangan.

Konvensiyaning maqsadi ekologiya, atrof-muhit va fuqarolarning sog'lig'iga salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkin bo'lgan qarorlarni qabul qilishda jamoatchilik ishtiroki bilan bog'liq hamkorlikni tartibga solish, shuningdek, odil sudlovdan foydalanishni ta'minlashdan iborat. U davlat organlari va tashkilotlari tomonidan atrof-muhitning havo, atmosfera, suv va tuproq kabi unsurlari to‘g‘risida zarur axborotni keng jamoatchilik talabiga binoan taqdim etishni, sohani rivojlantirishga qaratilgan dastur va rejalarni ishlab chiqishda jamoatchilik ishtirokini ta’minlashni belgilaydi.

O‘zbekiston Respublikasining mazkur Konvensiyaga qo‘shilishi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida inson huquq va erkinliklarini munosib himoya qilishni ta’minlash, ekologik xavfsizlikka erishish bo‘yicha xorijiy hamkor davlatlar bilan birgalikdagi sa’y-harakatlarni amalga oshirish, shuningdek, mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.