O‘zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilish va uning holati to‘g‘risida ishonchli axborot bilan ta’minlash bo‘yicha milliy darajada chora-tadbirlar kuchaytirilmoqda, bu O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 49-moddasida mustahkamlab qo‘yilgan. Shu nuqtai nazardan “Atrof-muhit bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilish jarayonida jamoatchilikning axborot olish imkoniyati, ishtiroki va odil sudlovga erishish imkoniyati to‘g‘risidagi Konvensiyaga (Orxus, 1998-yil 25-iyun) qo’shilish tog’risida”gi Qonun qabul qilindi. 1045-sonli hujjat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2025-yil 11-martda imzolandi.
Ma’lumot uchun, mazkur Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan joriy yil 11-dekabrda qabul qilingan va Senat tomonidan 22-fevralda ma’qullangan.
O‘zbekiston Respublikasining mazkur Konvensiyaga qo‘shilishi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida inson huquq va erkinliklarini munosib himoya qilishni ta’minlash, ekologik xavfsizlikka erishish bo‘yicha xorijiy hamkor davlatlar bilan birgalikdagi sa’y-harakatlarni amalga oshirish, shuningdek, mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.