Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov UNESCO tashkilotining Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Tabiat resurslari vazirligi hamda UNESCO o‘rtasidagi ekologik ta’lim, tabiiy merosni boshqarish sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida "yashil" iqtisodiyotga bosqichma-bosqich o‘tish, raqamlashtirish tizimi, ekologik ta’lim va madaniyatni joriy etish, xodimlar va mutaxassilar salohiyatini oshirish hamda bu borada xorijiy tajribani qo‘llash muhimligi qayd etildi.

Shuningdek, O‘zbekistonning atrof-muhit holati va tabiiy resurslardan foydalanish to‘g‘risida milliy ma'ruzasini ishlab chiqish, milliy ekologik va tabiiy meros roʻyxatlarini tuzish masalasi muhim ekanligi qayd etildi.

Bundan tashqari, Orolbo'yi mintaqasida Orol madaniy meros bog'i innovatsion loyihasini tuzish, madaniy meros obyektlariga tashrif buyuruvchilar markazlarini tashkil etish, iqlim o‘zgarishining oldini olish bo‘yicha strategik ahamiyatga ega dasturlarni ishlab chiqish masalalari ham muhokama qilindi. Qolaversa, havo, suv va ekologik ta'lim masalalarida olib borilayotgan izchil ishlar ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini jadallashtirishda muhim harakatlanuvchi mexanizm ekanligi ta'kidlab o‘tildi.

Uchrashuv yakunida joriy yilning oktabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilayotgan Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlab qolishga doir Konvensiyasining (CMS) 14-Tomonlar konferensiyasi (COP-14)ni hamkorlikda o‘tkazishga kelishib olindi.